Ha, rizq… Albatta, iymon keltirgan inson o’laroq, uning kelishini sabablarning kamligi, boring ana, umuman yo’qligi ham to’sib qo’yolmasligiga ishonaman. Aqidaning bu kabi ishonchsiz, apriori “komil iymon” bo’lolmasligi har bir aqli salim va qadriyatlarini meros qilib olmagan insonga kun kabi ravshan. Ammo, aynan o’sha sabablarni qilish, uning kelish yo’llari ko’p va aksariyati oson ekanligini bilib turib ham, qalb istagan tomondan talab qilishdek, go’zal imkoniyatni ochib beradi… Men uni o’zim istagan tomondan tanlab olishim mumkin! Bu mo’jiza emasmi?!
Aynan shu tanlov imkoniyati doimiy yuksalish yoki tubanlik, haqiqat yoki shirin va yoqimli bo’lsada, yol’gon o’rtasidagi nozik parda va chegaralar haqida ilm izlashga rag’batlantiradi. MEN - ikkinchi darajaga chiqadi. Dunyo-ohiratini obod qilish yo’lidagi sinovlarga kulib qo’yadigan “hazrati inson” jismoniy xohishlar ustidan g’alaba qozonadi. Hayotda mazmun, harakatlarda oliy maqsadlar sari tashlangan dadil qadamlar, istiqbolda esa vijdon azobi va xavotirli bedorlikdan holi kunu-tunlar ko’rinadi…
Aynan shu tanlov imkoniyati menga haqiqatning qaysi qirg’og’ida turganim haqidagi hayollarim ustida, bugun 2024 - yil, 05.05 kuni, tungi (yoki erta tongmi?) 02:17 da xozirgi, ha, aynan xozirgi so’zlarni yozish davomida, g’aflatda qolayotgan ongimni atrofimning zaharli va badbo’y sarqitidan tozalashga yordam beradi… O’zimni butun umr g’or ichida yashab, haqiqatni faqat uning devorlariga tushadigan soyalar orqali tanigan mahbusdek emas, o’sha soyalarning sababchilaridan biridek his qildiradi…
Bu hayollar natijasi kaminaga ba’zan vaziyatni nazoratga olgan hokim, ba’zan esa, o’sha vaziyatning asiri bo’lib qolgan mahkum ekanligini bildirib qo’yadi. Bu hayollar ortidagi tuyg’ular ham hayajonli, ham qo’rqinchli darajada, kutilmagan “sovg’alarga” boydir…
05.05 – 03:40. Quloqchinlarimni yechganimda yoqimli va tanu-jonimga orom beruvchi tovushlar eshitila boshladi. Beixtiyor eshik tomon yurib, yoqimli tuvushning sababchisini saxsan qarshi olish uchun ko’chaga chiqdim. Kundaligim bilan gaplashganim uchunmi, yoki osmondan shiddat bilan yog’ilayotgan rahmat sababidanmi, o’zimni ancha yengil his qilganimdan xursand bo’ldim.
05.05 – 03:46. Azon eshitildi… Osmondan rizqimning bir qismi bo’lgan yoqimli bahor yomg’iri yog’yapti. Demak ertaga boshim og’rimaydi… Nafsim, ruhim va hatto isyonkor aqlim, mayli, qisqa fursatga bo’lsada, orom topdi. Devonaning bugngi bedorligi bejiz bo’lmadi.