QARORLAR ORTIDAGI OLAM

Alisher Zohid • 16-may, 2024
Har bir inson hayoti davomida ozmi-ko'pmi marketing bilan shug'ullanadi. Ha, havas qilmaydi, qiziqmaydi, aynan shug'ullanadi. Ba’zan soha egaliradan yaxshiroq va sifatliroq darajada desa ham bo’ladi. Bu ko’nikma ularda oddiy hayotiy ehtiyojlar sababidan shakllangan. Bu faqatgina sotuv emas, balki har kuni qarorlar qabul qilish, o'zimizni ifoda etish va muhitimizga ta'sir o'tkazish jarayonidir. Ammo marketingning ilmiy aspektlari nafaqat biznesga, balki insonning o'zi va uning jamiyatdagi o'rni haqida ham chuqur bilimlarni talab qiladi.

Nazariy jihatdan marketing nima ekanligi hammaga ham ayon bo'lmasligi mumkin, (yaxshilikka albatta) buning aslida zarurati ham yo'q. Amaliyot nuqtai nazaridan esa marketing bu - biron bir g'oya, ilm, kapital, tadbir yoki mehnat egasiga moddiy foyda olib kelish vositasidir. Albatta bu juda sodda, lekin ommaga tushunish uchun oson bo'lgan va qanoat hosil qildiruvchi ta'rif.

Aslidachi? U nima o’zi? Agar hamma marketing bilan shug’ullanayotgan bo’lsa, bu sohaning alohida ilmiy intizom sifatida ajralib chiqishiga nima sabab bo’ldi?

Nima uchun kaminaning, marketing sohasidagi insonning kitob javoni asosan soha mutaxassislarining emas, buyuk insonlarning tarixi, ularning tafakkurini mahsuli bo’lgan o’lmas asarlar, diniy, falsafiy va badiiy adabiyot bilan to’la? Qiziq, hatto kitob javonimda ham Paretoning 80/20 qonuni ishlashini ko’rdim. Eng kulgilisi esa, bu qonun haqidagi kitob 20%, ya’ni sohamga aloqador adabiyotlar orasida emas, 80%ni tashkil qiluvchilardan biri ekan. (Bu insight xozirgina paydo bo’ldi 😊 va u haqida alohida o’ylab ko’rishim kerak…) Balki, soha egalarining kitoblarida asosan hissiyot va 80% suvga bo’ktirilgan 20% “keys study” sotilishidan zerikkanim uchundir. Bu gapim bilan ularning hammasini bitta podaga jamlamoqchi emasman. Bu kabi kontent orasida haqiqatan ham nodir kitoblar kam emas. Lekin, hissiyot yaxshiroq sotilishini tushungan mualliflar bundan mohirona foydalanishyapti xolos. “Ehtiyoj” bo’lsa, bozorda talab bo’lsa, albatta taklif ham o’zini ko’p kuttirmaydi. Ruslar maqolida aytilganidek “свято место пусто не бывает” ) Shunchaki bor bo’shliq to’ldirildi…

Biz har kuni "ehtiyojlar" va "xohishlar" haqida o'ylaymiz, lekin bu tushunchalar orasidagi farq haqiqatan ham muhimmi? Marketing, bu nafaqat biror mahsulot yoki xizmatni sotish, bu - shaxsiy va ijtimoiy darajada qarorlar qabul qilish, o'zaro munosabatlar va madaniyatimizni shakllantirish usuli ham.

Marketingning kuchli ta'siri tarixiy misollar bilan ham ko'rsatilishi mumkin. Misol uchun, "De Beers" kompaniyasi o'zining "A Diamond is Forever" reklama kampaniyasi orqali olmos uzuklarni nikoh timsoli sifatida mustahkamlashga muvaffaq bo'ldi. Bu strategiya nafaqat olmos sotuvlarini keskin oshirdi, balki butun dunyo bo'ylab nikoh an'analari va qadriyatlari ustida ham chuqur ta'sir qoldirdi.

Bizning hayotimizga chuqur singib ketgan bu jarayon, ularning qanday amalga oshirilishi haqidagi fikrlarimiz bilan chambarchas bog'liq. Bu o'ylab ko'rishimiz kerak bo'lgan masala:

  • Marketing sizning hayotingizda qanday o'rin tutadi?
  • Siz bu jarayonda qanday ishtirok etasiz?
  • Qaysi rolni ijro etyapsiz?
  • Yoki, bu jarayonlarni sahnalashtiruvchilardan birimisiz?
Marketing dunyosida har bir qadam o'ylangan, har bir so'z hisob-kitob bilan aytiladi. Bu sohada ishlayotganlar uchun ularning harakatlari, ba'zan, Chexovning devoridagi miltig'i kabi, kutulmagan natijalarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu o'yin qoidalarini tushunish va shu asosda o'z qarorlaringizni qabul qilish sizning qo'lingizda. Marketingni tushunish — bu faqat sotib olish yoki sotmaslik emas, balki uning qadriyatlaringizga qanday ta'sir qilinishini ham anglashdir.

Qiziq, “ehtiyoj” so’zini ko’p marta ishlatibman… Ehtiyoj o’zi nima? Qachon ohirgi marta asl ehtiyojlaringiz haqida o’ylab ko’rdingiz? Nima siz uchun ehtiyoj, nima og’riq va nima shunchaki nafsingizga chiroyli ko’ringan xohishlar? Bugun sizga “Yandex Go” ilovasida start emas komfort kerakligi, lunch box ichidagi uyda tushlik uchun tayyorlangan taom emas, catering yoki “Доставка” xizmatidan foydalanish, oddiy suv emas, “Moon berry” brendidan “Aloe Vera” bo’lakchalari solingan ichimlik zarur ekanligini qanday ta’riflab bera olasiz? Maqsad uzoqni tezroq yaqin qilish, ochlikni bartaraf qilish va chanqoqni qondirish (ya’ni asl ehtiyoj) edimi, yoki biron bir og’riq va qo’rquv vositasida paydo bo’lgan xohishlarmi? Qayerda ratsional va qaysi holatda emotsional qarorlar qabul qilyapsiz? Qaysi holatda siz iste’molchilik madaniyatinini shakllantirgan “Animal instincts” asiri, yoki moddiy manfaat va afzalliklarni vosita qilib ishlatuvchi ongli mavjudot - Hazrati insonsiz?

Albatta boshida tafakkuringiz natijasi o’laroq, olgan javoblaringizni qabul qilishingiz qiyin kechadi. Ichingizda g’alayon, nafsingizda isyon ko’tariladi. Hamma odatlaringizni foydangizga dastak bo’luvchi isbot bilan quvvatlashga harakat qilasiz. Qaysidir onda Siz, o’zingizning istaklaringiz haqidagi hayollarning iste’molchisiga aylanib qolganingizni sezib qolasiz! Shunda tosh kabi qotib, qorayib ketgan qalb erib, bir kichkinagina, toshni yorib chiqqan zilol suv kabi tiniq nur ta’sirida, sirtingizda kulib turib, ichingizda esa yig’aysiz… Dodlang, uyalmang, atrofga qaramang, “Odamlar nima deydi” kompleksidan shifo toping. Sababga emas, sababchiga aylaning. Asl fitratingizga qayting. Yig’lang do’stim, dod soling…

Nafs nima deyapti? O’zingiz bilan kelishib olgan bo’lsangiz, davom etamiz.

Endi xulosa qiling. Kundalik ehtiyojlaringizga aylangan xohishlaringiz siz uchun qanchalik muhim? Kimdir sizga ular haqidagi ma’lumotni chiroyli yetkazishi kerakmi? Marketingsiz dunyoni tasavvur qilib ko’ring. Zerikarlimi? Albatta shunaqa. Chunki biz faqatgina jismdan emas, nafsdan ham iborat mavjudotmiz. Hammamiz, o’tkinchi bo’lsa ham, dunyoning kichik lazzatlaridan bahramand bo’lishni istaymiz. 😊 Ha, shunaqa. Uyalmang, bu tabiiy.

Xo’sh, marketing o’zi nima?

Marketing - bu shunchaki biznes instrumenti emas. Bu - sotsiologiya, demografiya, statistika, psixologiya, din va tarixga aloqador bilimlarni o’zida mujassam qilib, nazariya va amaliyot o’rtasida mukammal muvozanatni saqlay oluvchi kuchli, ba’zan esa xavfli quroldir. Bu, kerak bo’lganda shaxsiyatni o’chirib, umumiylikka qarab yura olish, fikrlar tizimini subyektivlikdan obyektivlikka yo’naltira olish, tafakkurni to’gri to’lqinga sozlay olish mahoratidir. Qisqaroq aytadigan bo’lsak marketing bu – “Insonning nafsi va fitrati haqidagi barcha malaka va ko’nikmalarni talab qiluvchi ilm.

Kimdir uchun u win-lose formulasiga asoslangan “Jinni pul” oqimlarini bitta o’zanga yo’naltiruvchi qurol bo’lsa, yana kim uchundir ramziy ma’noda bo’lsa ham, berayotgan taklifi evaziga javoban qadriyat ulashuvchi “Win-Win” usulidagi ijod, izlanish va moddiy manfaat manbaidir. Uning chegaralari juda beqaror va noaniq. Uni firibgarlikdan ajratib turuvchi, deyarli ko’rinmas nozik parda bor. Uni ko’z ko’rmaydi, unga urilib qaytgan sadoni quloq eshitmaydi. Uni ko’rish uchun qalb ko’zi doim ochiq bo’lishi shart.

Har bir mutaxassis va soha egasi bu chegara haqida biladi. Kimdir uni ongli ravishda anglab, qalb ko’zi bilan ko’ra olgani uchun vaqti kelganda qat’iy “Yo’q” deya oladi. Ha! Qanchalik ajablanarli bo’lmasin - ular mavjud va sohasi kapitalizm g’oyasining mexanizmida globalizm, geosiyosat, propaganda, PR va boshqa asosiy elementlar bilan bir qatorda bo’lishiga qaramay, xozirda mavjud bo’lgan, bor imkoniyatdan sof qadriyatlarining chegarasida mohirona foydalanishmoqda. Ular “Hamma narsa rasvo, dunyoni falonchi-pismadonchilar boshqaradi, biz hech narsa qilolmaymiz” demayapti. Ular shunchaki bugun bo’lmasa, ertaga shirin mevasini beradigan ko’chatlarni ekishyapti. O’sha ko’chatlarning poyini o’rab, chirmashib oluvchi parazitlardan tozalashyapti va o’rniga ko’rkam, ham moddiy, ham ma’naviy manfaat beradigan ekinlarning urug’ini sochishyapti. Ular shunchaki sababini qilmoqda.

Yana kimdir esa o’sha chegarani shunchaki ko’rmaslikka harakat qiladi…
  • Ko’rib nima qiladi?
  • Axir bu mashaqqatliku,
  • Naqdi asalku,
  • Vijdon qiynaladiku,
  • Xayollarini pul va daromad haqidagi fikr va g’oyalardan chalg’itadiku.
U shunchaki ko’zlarini yumadi…
Bugun, hamyoningizni haqiqiy ehtiyojlaringizni qondirish uchun ochyapsizmi yoki nozik marketing o'yini tufayli istaklaringiz qurboni bo'ldingizmi?

Sizning har bir xaridingiz, qaroringiz va tanlovingiz tabiiy ehtiyojdan kelib chiqyaptimi, yoki ularning ortida brendlarning nozik ta'siri turibdimi?

ICHINGIZDAGI "SOTIB OL" DEGAN OVOZ ASLIDA KIMNIKI?

Javoblaringizni izohlarda kutib qolaman...
Maqola sizga yoqdimi?